Soʻnggi yaproq — Oʻ. Henrining 1907-yilgi „Yonayotgan chiroq va boshqa hokoyalar“ toʻplamida chop etilgan qisqa hikoyasi. Hikoya ilk bor 1905-yil 15-oktabr kuni Nyu-York dunyosi gazetasida eʻlon qilindi[1] [2].

Soʻnggi yaproq
Asl nomi The Last Leaf
Muallif(lar) Oʻ.Henri
Mamlakat Amerika
Til inglizcha
Janr(lar)i Qisqa hikoya
Nashr etilgan sanasi 1907

Syujeti

tahrir

Hikoya voqealari Grinnvich qishlogʻida pnevmoniya (zotiljam – oʻpka yalligʻlanishi) epidemiyasi paytida sodir boʻladi.

Hayot va ijod borasidagi oʻxshash qiziqishlari orqali Syu va Jonsi ismli qizlar qalin doʻst tutingan va koʻp qavatli binolarning birida oʻz rassomchilik ustaxonalarini tashkil qilishgandi. Afsuski, bardoshsiz, nimjongina Jonsi oʻsha vaqtlarda oʻta oʻgʻir hisoblangan zotiljam bilan ogʻrinib, temir yotoqqa mixlanib qoladi. Darmonsizlik oqibatida azoblanayotgan qiz hayotdan butunlar umidini uzib, oʻz dafn maʼrosimini kuta boshlaydi. Kech kuz oʻrnini qish egallayotgan pallada deraza qarshisidagi devorga chirmashib oʻsayotgan yovvoyi pechakgul yaproqlari toʻkilishini jim kuzatishgagina madori yetgan Jonsi Syuga shu pechakgulning soʻnggi yaprogʻi uzilganda oʻlishini aytadi.

Syu kun sayin ogʻirlashib borayotgan dugonasi Jonsidan xavotirlanib, pastki qavatda yashovchi qariya Bermanga arzi-hol qiladi.

Berman – oltmishdan oshgan, qirq yil moʻyqalam surgan, ammo hali-hanuz unga ilhom parisini tutib qolish nasib etmagan, qisqa qilib aytganda, sanʼat sohasida omadi chopmagan qariya. Keksa musavvirni oʻz shoh asarini yaratish istagi hamon tark etmagan, lekin hozirgacha bu ishni boshlay olmagan ham edi. Tepa qavatdagi ikki rassom qiz uchun oʻzini himoyachi deb hisoblaydigan Berman Jonsini umidlantirishi uchun koʻcha izgʻirin, qor-yomgʻirli boʻlishiga qaramay tun boʻyi pechakgulga soʻnggi yaproq – oʻz shoh asarini chizadi.

Tun haqiqatda izgʻirin boʻlgan, bundan Jonsining ham xabari bor edi. Qiz tongda derazadan moʻralarkan, pechakgul yaprogʻining uzilganiga ishonchi komil edi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, nimjon yaproq ham yashash uchun kurashganday uzilmagan edi. Hayratlangan Jonsi oʻzining zaifligidan, irodasizligidan xijolat boʻlib, umidsizlanishni toʻxtatadi va oxir-oqibatda tuzalib ketadi. Zotiljamdan xalos boʻlgan Jonsini soʻnggi koʻrikdan oʻtkazayotgan shifokor, qizlarga pastki qavatdagi qariya Bermanning oʻgʻir ahvolini maʼlum qiladi.

Oʻsha qor-yomgʻirli kechada pnevmoniyadan oʻlib ketayotgan yosh qoʻshni qizning hayotini shoh asari bilan qutqargan Berman — zotiljam yuqtirib olgandi. Keksayib qolgan zaif qariya kasallikka bardosh bera olmay vafot etadi.

Hikoya Nyu-York shahridagi Grinvich rassomlar koloniyasini tasvirlab beradi. Maʼlumot oʻrnida, oʻtgan asr davomida ushbu qishloq kambagʻal ijodkorlar punkti sifatida dunyoga mashhur sayyohlik markaziga aylandi[3].

Qahramonlar

tahrir
  • Syu, yosh rassom.
  • Johnsi, Syu bilan yashaydigan dugonasi, pnevmoniyaga chalingan, ammo soʻnggi yaproq mavjudligi tufayli omon qoladi.
  • Berman, keksa rassom.

Manbalar

tahrir
  1. „O. Henry's Full House“. AFI Catalog of Feature Films. American Film Institute. Qaraldi: 2021-yil 15-iyul.
  2. „The Last Leaf“. The FictionMags Index. Qaraldi: 2021-yil 15-iyul.
  3. „A Summary and Analysis of O. Henry's 'The Last Leaf'“ (en-US). Interesting Literature (2022-yil 24-yanvar). Qaraldi: 2022-yil 1-may.